O‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi

O‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi

Bugundan 2026/2027-o‘quv yili uchun talabalarning o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish va tiklash bo‘yicha onlayn arizalar qabuli boshlandi.

Arizalar 15-iyuldan 5-avgustgacha qabul qilinadi. Talabgorlar arizalarni belgilangan elektron platformalar orqali yuborishi mumkin.

Respublikaning bir davlat oliy ta’lim tashkilotidan boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotiga yoki bir oliy ta’lim tashkiloti doirasida o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar transfer.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

Shuningdek, bir oliy ta’lim tashkiloti doirasida o‘qishni qayta tiklash bo‘yicha arizalar ham transfer.edu.uz orqali yuboriladi.

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos yoki turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish uchun esa arizalar my.uzbmb.uz platformasi orqali topshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirishda talabgorlarning umumta’lim fanlari hamda chet tili bo‘yicha milliy sertifikatlari axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi.

Xalqaro sertifikatlar esa talabgor tomonidan boshqa hujjatlar bilan birga elektron tarzda yuklanadi.

Muhim jihati, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda sertifikatlar inobatga olinadi.

Chet tili hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi.

Bu tartib o‘qishni ko‘chirish jarayonida sertifikatga ega talabgorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Talabgorlar ariza topshirishda tanlayotgan yo‘nalishi mos yoki turdosh ekaniga, hujjatlari to‘liq kiritilganiga va sertifikatlari to‘g‘ri yuklanganiga alohida e’tibor berishi lozim.

Arizalar qabuli 2026-yil 5-avgustgacha davom etadi.

Teglar:

O'xshash xabarlar