Qabul-2026: onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 99 800 nafarga yetdi
2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 99 800 nafarga yetdi.
11-iyun soat 18:02 holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 306 nafarga yoki 39,6 foizga ko‘pdir. 2025-yilda ushbu davrda 71 494 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan edi.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 46 312 nafari joriy yil bitiruvchilari, 53 488 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlardir.
Jins bo‘yicha tahlilga ko‘ra, abituriyentlarning 56 401 nafari erkaklar, 43 399 nafari ayollardan iborat. Umumiy hisobda erkaklar ulushi 56,5 foiz, ayollar ulushi esa 43,5 foizni tashkil qilmoqda.
Ta’lim tili kesimida eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbek tilida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 87 861 nafar bo‘lib, bu jami abituriyentlarning 88 foizini tashkil etadi. Rus tilida hujjat topshirganlar 10 383 nafar, qoraqalpoq tilida 1 352 nafar, boshqa tillarda esa 204 nafarni tashkil qilmoqda.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda 20 861 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 20,9 foizi demakdir.
Keyingi o‘rinlardan Samarqand viloyati 11 033 nafar, Andijon viloyati 9 530 nafar, Farg‘ona viloyati 9 113 nafar hamda Qashqadaryo viloyati 7 383 nafar abituriyent bilan joy oldi.
Shuningdek, Namangan viloyatida 6 481 nafar, Navoiy viloyatida 6 112 nafar, Xorazm viloyatida 5 650 nafar, Jizzax viloyatida 4 950 nafar va Buxoro viloyatida 4 808 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Eng past ko‘rsatkichlar So‘x tumanida 169 nafar, Nurafshon shahrida 841 nafar hamda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 2 206 nafar abituriyent sifatida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, onlayn ro‘yxatdan o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Agentlikning my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 25-iyunga qadar davom etadi.