Qabul-2026: ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 216 mingdan oshdi

Qabul-2026: ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 216 mingdan oshdi

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 216 582 nafarga yetdi.

16-iyun soat 18:36 holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 770 nafarga yoki 19,8 foizga ko‘pdir. 2025-yilda ushbu davrda 180 812 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan edi.

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 123 479 nafari joriy yil bitiruvchilari, 93 103 nafari esa avvalgi yil bitiruvchilaridir. Bu safar joriy yil bitiruvchilari ulushi ancha yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Jins bo‘yicha taqsimotga ko‘ra, abituriyentlarning 111 181 nafari erkaklar, 105 401 nafari ayollardan iborat. Umumiy hisobda erkaklar ulushi 51,3 foizni, ayollar ulushi esa 48,7 foizni tashkil etdi.

Ta’lim tili kesimida eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbek tilida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 192 451 nafar bo‘lib, bu jami abituriyentlarning 88,9 foiziga teng.

Rus tilida hujjat topshirganlar 20 433 nafar, qoraqalpoq tilida 3 179 nafar, boshqa tillarda esa 519 nafarni tashkil qilmoqda.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda 40 034 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 18,5 foizi demakdir.

Keyingi o‘rinlardan Samarqand viloyati 24 048 nafar, Farg‘ona viloyati 20 768 nafar, Andijon viloyati 20 446 nafar hamda Qashqadaryo viloyati 16 632 nafar abituriyent bilan joy oldi.

Shuningdek, Namangan viloyatida 15 672 nafar, Xorazm viloyatida 13 647 nafar, Surxondaryo viloyatida 13 367 nafar, Navoiy viloyatida 13 141 nafar, Jizzax viloyatida 11 554 nafar va Buxoro viloyatida 10 272 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Nisbatan past ko‘rsatkichlar Nurafshon shahrida 1 656 nafar, Sirdaryo viloyatida 7 246 nafar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 199 nafar abituriyent sifatida qayd etildi.

Ma’lumotlar 2026-yil 16-iyun soat 18:36 holatiga tegishli.

Teglar:

O'xshash xabarlar