Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanadi

Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanadi

Prezidentning 2026-yil 16-iyundagi qaroriga muvofiq, Soliq oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur oliy ta’lim muassasasi Soliq qo‘mitasi huzurida alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

Soliq oliy maktabi soliq organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashadi. Shuningdek, u soliq sohasida fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boruvchi bazaviy ilmiy-metodik markaz va tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, Oliy maktabga qonunchilikda belgilangan akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq etiladi.

Soliq oliy maktabida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabgorlar qabul qilinadi. Bakalavriatda o‘qish davomiyligi kamida uch yil etib belgilanadi.

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab esa magistratura hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichini joriy etish rejalashtirilgan.

Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatini olish uchun o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjat ham beriladi.

Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ACA kabi sertifikatlarini olgan talabalarga ushbu sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplanadi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim muassasalariga ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlariga qo‘shimcha ravishda Soliq oliy maktabi uchun 50 ta davlat granti ajratib boriladi. Bunda grantlar umumiy qabul kvotasining 50 foizidan oshmasligi belgilangan.

Bundan tashqari, soliqlar va soliqqa tortish yo‘nalishi bo‘yicha davlat buyurtmasi ustuvor ravishda Soliq oliy maktabiga ajratiladi.

Mazkur qaror soliq tizimi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, sohada ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish hamda xalqaro sertifikatlarga ega kadrlar salmog‘ini oshirishga xizmat qiladi.

Teglar:

O'xshash xabarlar