Tibbiyot xodimlari farzandlarining kontrakt to‘lovi qisman qoplab berilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat tibbiyot muassasalarida uzoq yillar faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdim etildi.
Unga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari farzandlarining respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatida o‘qishi uchun yillik kontrakt to‘lovining bir qismini qoplab berish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, shunday ish stajiga ega xodimlar ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olayotganda dastlabki badalning bir qismini qoplab berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur tashabbus davlat tibbiyot tizimida uzoq yillar mehnat qilayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va sohada kadrlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
11-iyun kuni Prezident onkologik va gematologik tibbiy yordam, palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda saraton kasalliklarini erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar qamrovini kamida 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, saraton kasalligiga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun 2027-yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan saratonga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligi oshiriladi. Ular saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlanadi.
Palliativ va xospis yordamini rivojlantirish bo‘yicha ham alohida vazifalar belgilandi. 2030-yilga qadar aholiga bunday yordam ko‘rsatish qamrovini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab respublikada palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi.
Bunda palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, yo‘llash, hisobga olish va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Mobil palliativ brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ham muhokama qilindi. 2026–2030-yillarda bunday kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash ulushini 30–40 foizdan 60 foizgacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, bemorga tashxis qo‘yilgan vaqtdan transplantatsiya amaliyotigacha bo‘lgan muddatni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish, hududlarda gemopoetik o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, chora-tadbirlarni sifatli amalga oshirish, onkologik va gematologik tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, zamonaviy tashxislash va davolash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.