Yuridik universitetda maxsus uch yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi
2026–2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida akademik litseylar, yuridik texnikumlar bitiruvchilari hamda oliy ma’lumotga ega shaxslar uchun maxsus uch yillik bakalavr dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Qabul alohida kvota va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi farmoniga muvofiq, yuridik ta’lim va ilm-fanni isloh qilish doirasida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetiga akademik litseylar va yuridik texnikumlar bitiruvchilari, shuningdek oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar tanlov asosida kirishi mumkin bo‘lgan maxsus uch yillik bakalavr ta’lim dasturlari joriy etiladi. Qabul jarayoni alohida kvota asosida va to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida TDYuU huzuridagi akademik litsey tashkil etiladi. U 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritadi va texnikumning huquqiy vorisi hisoblanadi. Mavjud o‘quv dasturlari yakunlangunga qadar texnikum o‘quvchilari ta’limni belgilangan tartibda davom ettiradi, ularga ilgari belgilangan imtiyozlar saqlab qolinadi.
Qarorga muvofiq, universitetda tajriba tariqasida klinik va dual ta’lim tamoyillari joriy etilgan. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriya mashg‘ulotlari, 50 foizi esa sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura va boshqa tashkilotlarda amaliyot shaklida tashkil etiladi.
Shu bilan birga, nazariy mashg‘ulotlarda problem-based learning usuli qo‘llanib, talabalarda tahlil qilish, xulosa chiqarish va “yumshoq ko‘nikmalar”ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.