Bugun texnikumlarga hujjat topshirishning so‘nggi kuni: arizalar 23:59 gacha qabul qilinadi
Bugun, 20-iyul — 2026–2027-o‘quv yili uchun 9-sinf bitiruvchilarining texnikumlarga onlayn hujjat topshirishi mumkin bo‘lgan so‘nggi kun. Ariza yuborishni rejalashtirgan talabgorlar hujjatlarini my.edu.uz platformasi orqali soat 23:59 ga qadar rasmiylashtirishlari kerak.
Joriy yil uchun texnikumlarga qabul 1-iyul kuni boshlangan. 20-iyul soat 10:38 holatiga ko‘ra, texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan talabgorlardan 217 934 ta ariza kelib tushgan.
Qancha texnikum va yo‘nalishga qabul mavjud?
2026–2027-o‘quv yilida respublika bo‘yicha 570 ta texnikumga qabul tashkil etilgan. Talabgorlar mavjud ta’lim muassasalarida 166 ta kasb-hunar yo‘nalishidan birini tanlashlari mumkin.
Mazkur qabul bosqichi uchun jami 202 657 ta o‘rin ajratilgan. Arizalar soni umumiy kvotadan oshgan bo‘lsa-da, qabul natijalari belgilangan tartib va tanlov mezonlari asosida shakllantiriladi.
Hujjat topshirish uchun nimalar kerak?
My.edu.uz platformasi orqali ariza yuborishda talabgorga quyidagi hujjat va ma’lumotlar kerak bo‘ladi:
-
ID karta ma’lumotlari yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
-
9-sinfni tugatganlik haqidagi elektron shahodatnoma ma’lumotlari.
Elektron shahodatnoma ma’lumotlari e-shahodatnoma.uz tizimidan avtomatik ravishda olinadi. Talabgor shahodatnoma ma’lumotlarini qo‘lda kiritishi yoki hujjat nusxasini alohida yuklashi shart emas.
Texnikum bitiruvchilari oliy ta’limga imtihonsiz kirishi mumkinmi?
Texnikumda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun oliy ta’limni davom ettirish imkoniyati ham mavjud. Ular o‘zlari egallagan mutaxassislikka mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasasining 2-bosqichiga qabul qilinishi mumkin.
Hali ariza topshirmagan 9-sinf bitiruvchilariga hujjatlarni oxirgi daqiqalarga qoldirmasdan, 20-iyul soat 23:59 ga qadar my.edu.uz platformasi orqali yuborish tavsiya etiladi.