Grant asosida o‘qiganlar uchun majburiy ishlab berish muddati endi yo‘nalishga qarab belgilanadi
Davlat granti asosida bakalavriat va magistraturada tahsil olgan bitiruvchilar uchun majburiy ishlab berish tartibiga o‘zgartirish kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga bakalavriat va magistratura bosqichlari bo‘yicha davlat grantlari asosida qabul qilingan talabalar vazirlik bilan shartnoma tuzadi. Ular o‘qishni tugatgach, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda kamida 3 yil ishlab berishi shart edi.
Endilikda esa ushbu muddat qat’iy 3 yil etib belgilanmaydi. Qaror loyihasiga ko‘ra, majburiy ishlab berish davomiyligi ta’lim yo‘nalishining xususiyatidan kelib chiqib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Mazkur o‘zgartirish nazarda tutilgan qaror loyihasi Muhokamalar portaliga joylashtirilgan. Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Hozirda amalda bo‘lgan 2005-yil 7-iyuldagi “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, bakalavriatni davlat granti asosida tamomlagan va keyinchalik magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan bitiruvchilar magistraturani tugatganidan so‘ng ham kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘lgan.
Shuningdek, talaba bakalavriat va magistratura bosqichlarining har ikkisida ham davlat granti asosida o‘qigan bo‘lsa, uning majburiy ishlab berish muddati ham kamida 3 yil deb hisoblangan.
Taklif qilinayotgan yangi tartibga ko‘ra esa, bunday hollarda ishlab berish muddati bir xil mezon asosida emas, balki ta’lim yo‘nalishining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Demak, grant asosida ta’lim olganlar uchun majburiy ishlab berish talabi bekor qilinmayapti. Faqat endi uning davomiyligi barcha uchun bir xil bo‘lmaydi va alohida yo‘nalishlar kesimida belgilanadi.