Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturaga qabul e’lon qildi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturaga qabul e’lon qildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 o‘quv yili uchun magistraturaga qabul boshlandi.

Hujjatlar 10-iyundan 31-iyulga qadar Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning yagona elektron platformasi — my.uzbmb.uz orqali qabul qilinadi.

Akademiya magistraturasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat boshqaruvi va huquqni qo‘llash amaliyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan zamonaviy ta’lim dasturlarini o‘z ichiga oladi.

2026/2027 o‘quv yili uchun qabul quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:

Prokurorlik faoliyati, prokurorlik faoliyatining kechki va masofaviy ta’lim shakllari, korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlariga oid xalqaro huquq hamda kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash mutaxassisliklari.

Ma’lum qilinishicha, «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» mutaxassisligi masofaviy ta’lim shaklida, rus tili guruhi uchun tashkil etilgan. Ushbu yo‘nalish Prezidentning raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun professional kadrlar tayyorlashga oid qarorlari asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur mutaxassislik bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatlarga ega nomzodlar mutaxassislik fanlari doirasidagi «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan kirish imtihonini topshirishdan ozod etiladi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi bo‘yicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq to‘lash fondi to‘lovlari, ya’ni pul ta’minoti saqlab qolinadi.

Ochiq tanlov asosida davlat grantiga qabul qilingan tinglovchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda har oylik stipendiya to‘lanadi.

Kirish sinovlari avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Magistraturaga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi bilan lex.uz platformasi orqali tanishish mumkin.

Qabul jarayoni va kirish imtihonlariga oid yangiliklar Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali e’lon qilib boriladi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: 71-202-04-96, ichki raqamlar: 1795, 1716.

Teglar:

O'xshash xabarlar