Iqtidorli yoshlarga o‘quv kurslari uchun subsidiya beriladi
Hukumatning 2026-yil 25-fevraldagi qaroriga muvofiq, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi (31 yoshga to‘lmagan) a’zolari ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi muddatli o‘quv kurslari uchun subsidiya olishlari mumkin.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-fevraldagi 78-son qarori bilan 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarorga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida joriy etildi.
Subsidiya olish uchun qayerga murojaat qilinadi
Talabgorlar subsidiya so‘rab quyidagi kanallar orqali ariza topshiradi:
-
Davlat xizmatlari markazi
-
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
-
Yoshlar yagona elektron platformasi
Ariza topshirishda 10-ilovadagi ariza shakli to‘ldiriladi.

Subsidiya miqdori
O‘quv kursi xarajatlarini qoplash uchun:
-
6 oygacha
-
har oy BHMning 1 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi
Subsidiya puli talabgorga berilmaydi.
-
Mablag‘ Yoshlar yagona elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan ta’lim tashkilotiga
-
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning kurs xarajatlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi
Ariza beruvchi bajarishi shart bo‘lgan majburiyatlar
Subsidiya ajratilganda tuziladigan ijtimoiy shartnomada yoshning zimmasiga quyidagilar yuklanadi:
-
volontyorlik loyihalarida ishtirok etish
-
6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy 1 ta kitob o‘qish
-
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kamida bitta tanlov yoki musobaqada qatnashish

Ta’lim tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar
Ta’lim markazi Yoshlar platformasida ro‘yxatdan o‘tishi uchun quyidagilar talab qilinadi:
-
litsenziya yoki xabarnoma tasdiqlovi (YaTT bo‘lsa, faoliyat turi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganligi) platforma orqali avtomatik tekshiriladi
-
platformaga pdf formatda hujjatlar yuklanadi:
-
mulk yoki ijara huquqi asosida faoliyat yuritishini tasdiqlovchi hujjatlar
-
o‘qituvchilarning diplomi yoki malakasini tasdiqlovchi hujjatlar hamda JSHSHIR ma’lumoti
-
-
ta’lim tashkiloti biometrik identifikatsiya (Face ID) orqali davomatni kunlik elektron nazorat qila olishi va tizimni Yoshlar platformasiga integratsiya qilishi kerak
To‘lovlar qachon amalga oshiriladi
Agar “Mahalla yettiligi” subsidiya ajratishni ma’qullasa, to‘lovlar:
-
har oy
-
keyingi oyning 5-sanasigacha
-
ariza beruvchining ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarishi va davomatiga qarab
-
shartnoma asosida ta’lim tashkilotining bank hisobiga o‘tkaziladi