Endi jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining o‘zi mashqlarni bajara olmasa toifa ololmaydi

Endi jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining o‘zi mashqlarni bajara olmasa toifa ololmaydi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab yangi, ikki bosqichli tartib asosida toifa oladi.

Prezidentning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya fanini o‘qitishni takomillashtirish va ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sport vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga toifa berishning ikki bosqichli yangi tartibi joriy etiladi. Birinchi bosqichda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi test sinovlari orqali baholanadi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, birinchi bosqichda o‘qituvchilarga mutaxassislik fanidan 35 ta va kasb standartidan 5 ta, jami 40 ta test savoli beriladi. Har bir savol 1 ball bilan baholanib, ushbu bosqich uchun maksimal natija 40 ballni tashkil etadi.

Ikkinchi bosqichda esa Sport vazirligi tomonidan amaliy imtihon o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda o‘qituvchining jismoniy tayyorgarlik darajasi normativlari 20 ball, sport turlari bo‘yicha mashqlar texnikasi esa 40 ball asosida baholanadi. Shu tariqa amaliy imtihon uchun jami 60 ball ajratiladi.

Shuningdek, qaror bilan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun amaliy imtihon sinovlarining jismoniy tayyorgarlik darajasi normativlari, sport turlari bo‘yicha mashqlar texnikasi va baholash mezonlari ham tasdiqlangan.

Mazkur tartib 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab, aniqrog‘i 2025 yil avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasidan joriy etila boshlagan.

Teglar:

O'xshash xabarlar