Keyingi o‘quv yilidan tibbiyot ta’limida yangi yo‘nalish paydo bo‘lishi kutilmoqda
Muhokamalar portaliga “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi joylashtirilgan.
Farmon loyihasida “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” yo‘nalishlari negizida xalqaro standartlarga mos “5+1” shaklidagi “Umumiy tibbiyot” bo‘yicha 6 yillik bakalavr dasturini joriy etish ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishni tamomlaganlarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
Loyihaga ko‘ra, klinik fanlar bo‘yicha rotatsiyalar jarayonida “bemor o‘rnida” formatida kunlik o‘qitish soatlarining eng kam miqdori 2 soat qilib belgilanishi rejalashtirilgan. Talabalar statsionar va ambulator sharoitda bemorlar bilan ishlashni “Bir talaba – bir bemor” tamoyili asosida, haftasiga kamida 3 marta individual amaliyot ko‘rinishida olib boradi.
Oilaviy tibbiyot bo‘yicha ta’lim zanjiri ham kengayadi: avval 2 yillik rezidentura, undan keyin esa xohlovchilar uchun 1 yillik magistratura yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda. Bu bosqichni yakunlaganlarga ixtisoslashgan oilaviy shifokor malakasi berilishi qayd etilgan.
Texnikum bitiruvchilari uchun ham alohida qoida taklif qilinmoqda: ular belgilangan tartibda faqat “Oliy hamshiralik ishi” yo‘nalishida 2-kursdan davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
“Oliy hamshiralik ishi” bo‘yicha qabul ham oshiriladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari ko‘tarilib, kvotalar quyidagi ketma-ketlikda belgilanishi rejalashtirilgan:
-
2026–2027: 420
-
2027–2028: 500
-
2028–2029: 600
-
2029–2030: 720
-
2030–2031: 860
Bundan tashqari, bakalavr bitiruvchilari uchun “Klinik hamshiralik ishi” magistratura mutaxassisligini ochish va qabulni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Loyihada yana bir muhim band bor. 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘qish davrining kamida 50 foizini grant asosida tugatgan hamda maxsus imtihondan o‘tgan talabalar davlat tibbiyot muassasalarida hududga qarab 1500–3000 soat oralig‘ida majburiy ishlash tartibiga tushadi.
Hududlar bo‘yicha minimal ish soatlari:
-
Qoraqalpog‘iston va viloyatlarning birlamchi bo‘g‘ini: 1500 soat
-
Tuman/shahar darajasi (Toshkentdan tashqari) va tegishli boshqaruv organlari: 2000 soat
-
Viloyat va Qoraqalpog‘iston darajasi hamda tegishli boshqaruv organlari: 2500 soat
-
Toshkent shahri va respublika darajasi hamda tegishli boshqaruv organlari: 3000 soat
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan:
-
“Oliy hamshiralik ishi” bitirgan o‘rta tibbiyot xodimlariga 100 foiz ustama
-
oilaviy shifokorlik bo‘yicha rezidentura va magistraturani tugatgan oilaviy shifokorlar hamda pedagog kadrlarga 150 foiz ustama belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.