Magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlandi

Magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlandi

Oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli 1-iyuldan boshlanadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, magistraturaga qabul jarayoni har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha davom etadi. Talabgorlar hujjatlarni my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda topshirishi mumkin.

Magistratura bosqichiga hujjat topshirish uchun talabgordan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat, ya’ni diplom yoki diplomdan ko‘chirma hamda uning ilovasi talab etiladi.

Shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat ham taqdim etilishi kerak.

Magistratura qabulida xorijiy til sertifikati darajasi tanlangan mutaxassislik yo‘nalishiga qarab B1, B2 yoki C1 darajasida belgilanadi.

Ayrim toifadagi talabgorlar uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Jumladan, College Board tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT xalqaro imtihonida eng yuqori ballning 75 foizi, ya’ni 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan talabgorlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Bunda talabgor tamomlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos yoki turdosh magistratura mutaxassisligiga hujjat topshirayotgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘yicha I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar magistraturaga qabul jarayonida xorijiy til sertifikatini taqdim etishi shart emas.

Talabgorlar hujjat topshirishdan avval tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha talab etiladigan xorijiy til darajasi, diplom ma’lumotlari va boshqa zarur hujjatlarni tekshirib olishi tavsiya etiladi.

Magistraturaga hujjatlar 30-iyulgacha qabul qilinadi.

Teglar:

O'xshash xabarlar