O‘rta maxsus ma’lumotli bog‘cha pedagoglari uchun dual ta’lim tartibi va oliygohlar ro‘yxati ma’lum qilindi
Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajribalarga mos ravishda bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun portalga joylashtirildi.
Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF–73-sonli “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyihaga muvofiq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan, o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda. Mazkur ta’lim shakli to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Dual ta’lim jarayoni doirasida pedagoglar:
-
haftaning bir kuni pedagogika oliy ta’lim muassasasida nazariy ta’lim oladi
-
besh kun davomida maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliy faoliyat olib boradi
Qaror loyihasida belgilanishicha, dual ta’lim shakliga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida uch yil mehnat faoliyatini olib borgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar qabul qilinadi. Qabul jarayoni oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish bo‘yicha amaldagi tartib asosida o‘tkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, dual ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, vazirlik taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, dual ta’limni tashkil etayotgan pedagogika oliy ta’lim muassasalariga faqat tegishli hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinishi belgilangan.
Ta’lim jarayonlarini tashkil etish doirasida talabalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi amaliy faoliyatini metodik jihatdan ta’minlash, muvofiqlashtirish hamda baholash mexanizmlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglar ishlab chiqarishdan ajralgan holda malaka oshirish kurslariga jalb etilmaydi.
O‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun tashkil etilgan dual ta’lim shaklidagi maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar amalga oshiriladi. Ushbu davr mobaynida abituriyentlar:
-
ta’lim yo‘nalishini
-
ta’lim tilini
-
test topshirish hududini
tanlaydi.
Qaror loyihasida yana bir muhim yangilik sifatida kasbiy sertifikatlash tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Jumladan:
-
2028/2029-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida
-
2029/2030-o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy ta’lim muassasalarida
xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy attestatsiya bilan bir qatorda, o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
Kasbiy sertifikatlash sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchiga mutaxassis o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritish huquqini beruvchi kasbiy sertifikat taqdim etiladi. Bunda bitiruvchi o‘zi tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sertifikatlashdan o‘tadi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifati har yili tahlil qilinadi. Mazkur jarayon doirasida uchinchi bosqich talabalari bilimlari tashqi diagnostika asosida баҳolanadi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, quyidagi oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:
-
O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti — Toshkent shahri
-
Nukus davlat pedagogika instituti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi
-
Andijon davlat pedagogika instituti — Andijon viloyati
-
Buxoro davlat pedagogika instituti — Buxoro viloyati
-
Jizzax davlat pedagogika universiteti — Jizzax viloyati
-
Shahrisabz davlat pedagogika instituti — Qashqadaryo viloyati
-
Namangan davlat pedagogika instituti — Namangan viloyati
-
Navoiy davlat universiteti — Navoiy viloyati
-
Samarqand davlat pedagogika instituti — Samarqand viloyati
-
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti — Samarqand viloyati
-
Guliston davlat pedagogika instituti — Sirdaryo viloyati
-
Termiz davlat pedagogika instituti — Surxondaryo viloyati
-
Chirchiq davlat pedagogika universiteti — Toshkent viloyati
-
Urganch davlat pedagogika instituti — Xorazm viloyati
-
Qo‘qon davlat universiteti — Farg‘ona viloyati