OTMlar endi bitiruvchilarining bandligi va daromadiga qarab baholanadi
O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini baholashda yangi tizim — “Bitiruvchi sifati indeksi” joriy etildi. Endilikda oliygoh bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi, bandligining barqarorligi va oladigan daromadi ham OTM faoliyatini baholashda hisobga olinadi.
Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 525-son qarori asosida belgilandi.
OTMlar uch guruhga ajratiladi
Indeksni shakllantirishda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari, jumladan:
-
bandlik darajasi;
-
barqaror bandlik ko‘rsatkichi;
-
o‘rtacha oylik daromadi;
-
boshqa tegishli mezonlar
hisobga olinadi.
Baholash yakunlariga ko‘ra oliy ta’lim tashkilotlari “yashil”, “sariq” va “qizil” guruhlarga ajratiladi.
“Yashil” guruhga eng yuqori natija ko‘rsatgan 30 foiz OTM, “sariq” guruhga undan keyingi 30 foiz, “qizil” guruhga esa qolgan 40 foiz oliygoh kiritiladi.
Mazkur foizlar bitiruvchilarning necha foizi ish bilan ta’minlanganini emas, indeks natijalariga ko‘ra oliygohlarning guruhlar bo‘yicha taqsimlanishini anglatadi.
Eng yaxshi 20 ta OTM rag‘batlantiriladi
Indeksda yuqori natija qayd etgan oliygohlar uchun moliyaviy rag‘bat ham ko‘zda tutilgan.
Eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliy ta’lim tashkilotining har biriga 500 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi mumkin.
“Bitiruvchi sifati indeksi” maxsus avtomatlashtirilgan raqamli platformada shakllantiriladi. Natijalar har yili 1-oktabrga qadar e’lon qilinadi.
Shu tariqa oliygohlar faoliyatini baholashda nafaqat ta’lim jarayoni, balki bitiruvchilarning diplom olgandan keyingi mehnat bozoridagi natijalari ham alohida mezon sifatida hisobga olinadi.